Hozirgi kunda sog‘lom va uzoq yashashni kafolatlovchi har qanday omilga bo‘lgan e’tibor kuchaymoqda. Bu «omil» esa turli mamlakatlarda turlicha bo‘ladi: har bir millat o‘z fe’l-atvoridan kelib chiqib, uzoq va sog‘lom turmush tarzini «tuzib chiqadi». Ko‘raylik-chi, u nimalarda o‘z ifodasini topar ekan?
FINLANDIYADA: TOZA HAVODA SAYR QILING!
Finlandiyada sport bilan shug‘ullanib, o‘zini sport formasida ushlab turish — milliy «xobbi»ga aylangan. Taxminan, 70 foiz finlar qishki sport turlari bilan doimiy tarzda shug‘ullanadilar, har ikki ayoldan biri o‘z ishxonasiga piyoda yoki velosipedda boradi. «Minusli ob-havo»ga qaramasdan, bu millat toqqa sayrga yoki baliq oviga borishdan erinmaydi.
1970-yillarda Finlyandiya yurak kasalliklari bilan og‘rib, vafot etgan fuqarolari ko‘pligi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turgan bo‘lsa, so‘nggi 20-yil ichida bu ko‘rsatkich butkul o‘zgardi: muammo finlarning «yoppasiga» ochiq havoda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanganliklari bois, bartaraf etildi. Olimlarning fikricha, sport bilan tabiat qo‘ynida muntazam shug‘ullanish nafaqat jismoniy, balki ma’naviy salomatlikka xizmat qilar ekan. Bu ajoyib odat kishida maqsadga intilishni kuchaytirib, kayfiyatni ko‘tarishi, stressni yo‘qotishi isbotlangan.
Darhaqiqat, tabiat qo‘ynidagi sayr, muz ustida konki uchish va hattoki, bog‘ bo‘ylab yugurishning foydasi ko‘p narsadan, aytaylik, diqqinafas trenajor zallaridagi mashqlardan ancha katta.
HINDISTONDA: ZIRAVORLARNING FOYDASI
Hindistonda keksalar orasida Altsgeymer kasalligi (xotiraning keskin susayib ketishi) bilan og‘riganlar boshqa mamlakatlarga nisbatan kam uchrar ekan. Chunki hindlar ziravorlardan juda ko‘p miqdorda foydalanishadi. Izlanishlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, hind tabobatida qadimdan dori sifatida qo‘llanilib kelinayotgan kurkum ziravori Altsgeymer kasalligiga ham davo bo‘la olar ekan. Yana shunisi aniqlandiki, hind oshxonasida ko‘p ishlatiladigan imbir ziravori ovqat hazm qilishni yaxshilar, koritsa esa qandli diabet kasalligini davolay olar ekan.
XITOYDA: KUYLANG, KO‘P YASHAYSIZ!
Xitoydagi sholizorlarda 90 yoshlilar ham bemalol mehnat qila olishadi. Olimlarning fikricha, buning uchun ularga kuch-quvvat qo‘shiq aytishni o‘zlariga yaxshi odat qilib olganliklaridan «topilar ekan». Ma’lum bo‘lishicha, baland ovozda kuylashni xush ko‘ruvchilar boshqalarga nisbatan shifokorlar, dorilarga kamroq ehtiyoj sezishar, tushkunlik — depressiyadan kamroq aziyat chekarkanlar.
YANGI ZELANDIYADA: ASAL – STAFILOKOKNING DAVOSI
Ma’lumki, asalning barcha turlari antibakterial xususiyatga ega. Lekin yangi tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, aynan Yangi Zelandiya manuka (choy daraxti) asali shunchalik ko‘p foydali moddalarga boy ekanki, Buyuk Britaniya olimlari bu ne’matga MRSA (barcha antibiotiklarga chidamli stafilokok)ning davosi deb qarashmoqda. Britaniya davlat sog‘liqni saqlash xizmati bemorlarni ushbu asal turi bilan davolayapti. Yana shunisi ham ma’lum bo‘ldiki, manuka asali turli xil yaralarning tez bitishida spirt va dezinfeksiyalovchi vosita sifatida dorilarga nisbatan ko‘proq foyda berar ekan. Shu bilan birga, oshqozon va milk kasalliklarini davolashda ham bu asal turining ahamiyati kattaligi isbotlandi.
Yangi zelandiyaliklar manuka asalini juda xush ko‘rishlarini hisobga olsak, bu ne’mat ularni ko‘p kasalliklardan asrab qolishini anglashimiz qiyin bo‘lmaydi.
ISLANDIYADA: BALIQ MOYINING FOYDASI HAQIDA
Salqin ob-havo, shimoliy landshaft, qisqa yoz – bu salbiy omillar uzoq umrni kafolatlaydi, deyish mushkul bo‘lsa-da, islandlar – dunyoning eng sog‘lom xalqlaridan biri va Yevropada ham uzoq umr ko‘ruvchi millatlardan hisoblanadi. Buning siri nimada? Birinchi sabab – ularning kundalik taomnomasida «hozirgina tutilgan» dengiz baliqlarining ko‘pligida. Ayniqsa, yog‘li, semiz baliqlarning. Semiz baliqlardagi moddalarning foydasi beqiyos: uning moyi miya faoliyatini yengillashtiradi, bo‘g‘in kasalliklari va qarishning oldini oladi, shuningdek, Altsgeymer kasalligi rivojlanishini «orqaga suradi».
Hozirgi kunda yog‘li baliq islandlarning bir haftalik ratsionining uchdan bir qismini tashkil etadi. Olimlar baliqli taomni haftasiga kamida ikki marta yeyish kerakligini, shulardan biri yog‘li baliq bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydilar. Ular syomga, makrel, forel yoki selyodka bo‘lishi mumkin.
|